Har bir bola toza fitrat bilan tugʻiladi.

Boshlangʻich sinflarda oppoq koʻynaklarda shiringina boʻlib, maktabga keladi.

Qalbi — juda pok, sodda, samimiy. Nima desangiz ishonaveradi.

Yillar oʻtadi, balogʻatga yetib, nafsi kurtak otishni boshlaydi.

Ogʻzidan boda kirib shoda chiqqan, qoʻlidan telefoni tushmagan..

Baʼzilari chekishni boshlagan, ayrimlari esa turli dori vositalariga qaram. Koʻplari qimorga berilgan.

Soddalikdan asar ham yoʻq — oʻta ayyor.

Ayyorligi yuziga urib — koʻrinishi makkorlashib ketgan.

Hozirgi holatiga qarab — yoshligini solishtirasiz, dilingiz xira boʻladi.

Maydagina qoʻllari bilan qoʻliga qalam ushlagan bolaning — qoʻllarida endi sigaretalar.

Koʻz oldimizdagi «farishtalar» ning «shaytonga» aylanib borishini chorasiz kuzatib turish — insonga chuqur ogʻriq beradi.

Nuh allayhissalomga ham qiyin boʻlgan boʻlsa kerak-a?

950 yil yashar ekanlar qanchadan-qancha avlod shirindan-shakar bolajonlari koʻz oldilarida mushrikka aylanib ketadi.

Baʼzilari koʻz oldilarida suvga gʻarq boʻlib, najot topmaydi.

Xulosa

Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir. A. Avloniy