"Kichkina Shahzoda" asarini abituriyentlik vaqtimda testga tayyorlanish uchun oʻqigandim.

Bugun maza qilib qayta oʻqib chiqdim. Falsafiy qismini endi tushundim.

Asarning men uchun eng «shirali» boʻlgan iqtiboslarini ulashigim keldi:

1. — Bilasanmi, sahro nima uchun yaxshi? — dedi u. — Chunki uning bagʻrida, koʻz ilgʻamas allaqayerlarda buloqlar yashiringan boʻladi…

— Haa, — dedim ohista. — Yulduzmi, uymi, sahromi, nimaiki boʻlmasin, undagi eng goʻzal narsa, koʻzga koʻrinmaydigan narsadir… Eng asosiy narsani koʻz ilgʻamaydi, u siyratda, botinda pinhon…

2. Odamlar bir haqiqatni unutdi, – dedi Tulki, – ammo hech qachon yodingdan chiqarma: kimniki qoʻlga oʻrgatgan boʻlsang, uning taqdiriga hamisha javobgarsan.

3. Avvaliga barcha kattalar bola edi, koʻpchiligi buni eslay olmaydi;

4. Sen tanada emas, harakatlaringda yashaysan. Sen – bu sening harakatlaring. Boshqa sen yoʻq;

5. Kattalar hech qachon biror narsani oʻzlaricha tushuna olmaydilar. Ularga hadeb hijjalab tushuntirib beraverish esa oxir-oqibat bolalarning ham joniga tegib ketadi.

6. Mabodo kattalarga: “Men qizgʻish gʻishtli bir chiroyli uyni koʻrdim, derazasida yorongul ochilib turibdi, tomida kaptari bor”, — deb aytsangiz, ular bu imoratni sira ham koʻz oʻnglariga keltira olmaydilar. Ularga: “Men yuz ming frankli uyni koʻrdim”, — deb aytish lozim — shunda ular: “Ana goʻzalligu mana goʻzallik!”, deya xitob qiladilar…

7. Doʻstim qoʻzichogʻi bilan birga meni tark etganidan buyon oradan olti yil oʻtdi. Uni unutib yubormaslik uchun ham u haqda soʻylamoqchiman. Chunki dunyoda doʻstlarni unutib yuborishdan ham qaygʻuliroq narsa yoʻq. Axir doʻst boʻlish har kimga ham nasib etavermaydida. Qolaversa, men yorugʻ olamda raqamdan boshqa narsaga qiziqmaydigan kattalarga oʻxshab qolishni sira-sira istamayman.

8. — Bir safar men bir kunda qirq uch marta quyosh botishini tomosha qilganman!

Oradan sal oʻtgach, xiyol anduh bilan yana shunday deding:

— Bilasanmi… baʼzan yuraging nimadandir gʻussaga toʻlib ketganda, botayotgan quyoshga birpas termulib oʻtirsang bormi…

— Demak, gʻurubni qirq uch marta tomosha qilgan kuning judayam xafa boʻlgan ekansanda?

Ammo Kichkina shahzoda bunga javoban indamadi.

9. — Odamlar qayoqda, odamlar? — deb tagʻin soʻradi Kichkina shahzoda. — Sahroda harqalay oʻzingni yolgʻiz sezarkansan kishi.

— Odamlar orasida ham yolgʻiz sezaverasan, — deb qoʻydi ilon.

10. — Men doʻst izlab yuribman. Xoʻsh, “qoʻlga oʻrgatish” degani nima?

— Bu allaqachonlar unut boʻlib ketgan tushuncha, — deb tushuntirdi Tulki. — Bu degani — rishtalarni bogʻlamoq demakdir.

— Rishta bogʻlamoq?

— Xuddi shunday, — dedi Tulki. — Hozir sen men uchun dunyodagi oʻzingga oʻxshagan yuz ming bolaning birisan, xolos. Hozircha sen menga kerak emassan. Men ham senga hozir dunyodagi yuz minglab tulkining biriman, xolos. Ammo bordiyu sen meni qoʻlga oʻrgatsang, ikkimiz bir-birimizga kerak boʻlib qolamiz. Sen men uchun dunyodagi yagona odamga aylanasan. Men ham sening uchun dunyodagi yagonaga aylanaman…

11. — Yaxshisi, har kuni bir paytda kela qolgin, — deb iltimos qildi Tulki. — Masalan, agar soat toʻrtda keladigan boʻlsang, men soat uchdan oʻzimni baxtiyor his qila boshlayman. Muddat yaqinlashgan sari bu quvonch orta boradi. Soat toʻrtda esa yuragim hayajonga toʻlib, shodumonlik bilan tepa boshlaydi. Ana shundagina men baxt-saodatning qadrini sezaman. bordiyu, sen har kuni har xil vaqtda keladigan boʻlsang, meni bu baxtiyorlik tuygʻusidan mahrum qilasan…

12. — Sening sayyorangda, — dedi Kichkina shahzoda, — odamlar bir chamanzorda besh mingta gul oʻstirar ekanu, izlaganini topolmas ekan…

— Topolmaydi, — deb maʼqulladim men.

— Holbuki, ular izlagan narsani bir dona guldan, bir qultum suvdan ham topish mumkin.

— Toʻgʻri aytasan, — deb tasdiqladim yana.

Kichkina shahzoda tagʻin oʻyga choʻmdi:

— Afsuski, koʻzlar basir, koʻngil koʻzi bilan izlash lozim.