Bola 4 yoshda — "savol soʻrab boshimni ogʻritma"
Bola 5 yoshda — "Mehmonlar oldida ogʻzingni yumib oʻtir"
Bola 6 yoshda — "kattalar oldida gapirma"
Bola maktabga chiqdi — "Ovozingni oʻchirib oʻtir. Shovqin qilma"
Bola 7-sinf — "Ustozingni aytgani aytgan, degani degan, gʻalati fikrlaring bilan ularga qarshi chiqma"
Bola 8-sinf — "Sen kiyim tanlashni bilmaysan, biz tanlab beramiz".
Bola 9-sinf — "Yoʻlda adashib yurasan, dadang olib borib olib keladi".
Bola 10-sinf — "Sen matematika, ingliz tili oʻqiysan. Hozir shu «moda».
Bola 11-sinf — "Qayerga topshirishingni biz hal qilamiz. Sen soha tanlashni bilmaysan"
Bola Universitetda — "Amaking aytdi, kompyuterni oʻrganasan"
«Bola» uylanish arafasida — "Erkak kishi qiz bolani farqiga qayoqdan boradi, xolang bilan kelinni oʻzimiz topamiz"
«Bola» toʻyi belgilandi — "Toʻyni qanday qilishni bizga qoʻyib ber, sen aralashma, uylanib koʻrmagan boʻlsang"
«Bola» toʻyidan keyin — "Sen er-xotin pullaringni chirtin-pirtin qilib tashlaysan. Oyliklaringni menga berasanlar, men hal qilaman nima qilishni".
«Bola» bolalik boʻldi — "Rasm-rusumni xotinlarga qoʻyib ber, sen xotiningni tugʻruqxonadan olib chiq faqat"
«Bola»ning bolasi katta boʻlyapti — "Er-xotin hali oʻzlaring bolasanlar. Farzand tarbiyasi bilan men shugʻullanaman".
Endi esa ona bolasiga qarab:
Sen tengilar oʻz bizneslarini qilishyapti.
Nimaga sen shu yoshga chiqib, bitta ishni mustaqil eplolmaysan?..
Xulosa oʻzingizdan..
Muallif: Mohir Mirzaxmedov