(26.01.2025 arxiv)
Kecha Abduqodir Manchester Sitiʼda ilk oʻyinini oʻtkazdi. Rosa hayajonlandi:
3-daqiqadayoq qoʻpol xato qilib, gol oʻtkazib qoʻydi. Bir nechta vaziyatlarda notoʻgʻri uzatmalar berdi.
Xullas, muvaffaqiyatsiz oʻyin.
Ammo menga murabbiyning munosabati yoqdi:
1. 54-daqiqagacha uni boshqa futbolchi bilan almashtirmadi:
Oʻziga ishonchi tushgan paytda indamadi. Yaxshi oʻynashni boshlagandan keyingina zaxiraga oldi.
2. Almashgan vaqti quchoqlab kutib oldi;
3. Oʻyindan keyingi anjumanda: "Hali yosh, koʻnikib ulgurmadi, oʻrganib ketadi", deb fikr bildirdi.
Muxlislarniki undan-da yoqdi:
Chiqib ketayotganda oʻrnidan turib qarsak bilan kuzatib qoʻyishdi.
Rivojlangan davlatlar yoshlardagi xatoni normal qabul qiladi. Imkoniyat beradi. Ishonch bildiradi.
"Xato — oʻrganish quroli", deb tushunadi. Rivojlanishiga sabab — oʻtmishdagi xatolari ekanligini yaxshi biladi.
Bu munosabatni koʻrgan yoshlarda — oʻziga ishonch ortadi. Xato qilishdan kamroq qoʻrqib, masʼuliyatni olishga intiladi:
Tavakkal qiloladi. Uzoq muddatli qarorlar qabul qiladi. Natijaga erishadi.
Bizda esa teskarisi:
Bir marta xato qilsa — darrov yanchib tashlaymiz.
Xato qilishni falokatday qabul qilamiz.
Natijada «tinchgina» yashab yuribmanda, degan tushuncha bilan masʼuliyatni olishdan qochadi. Rivojlanmaydi.
Bu tarbiyani olganlar ham keyingi avlodni "qoʻy xato qilma, qoʻy uni qilma, qoʻy buni qilma", deb tarbiyalab — haqiqatan qoʻyga aylantiradi.
Xullas
«Qoʻy» qilmaylik. Qoʻyib beraylik:
Qoʻylik zanjiridan chiqaylik!