qiynaluvchi oʻquvchiga yordam berish haqida

Maqola mavzusida tilga olingan muammoni alohida tavsiflash ortiqcha. Bu vaziyat barcha ustozlarga yaxshi tanish.

Sinf taxtasi oldiga chiqib, oʻqituvchi va sinfdoshlar “oʻtkir nigohi” qarshisida javob berish oʻziga xos asabiy jarayonligini tushunamiz.

Lekin nega ayrim oʻquvchilar buni yengib boʻlmas darajada ogʻir oʻtkazadi? Ularga ustoz qanday yoradam berishi mumkin?

“Doska oldida” deyilmish vaziyatdan qoʻrqish (fanda tomoshabinlar oldiga chiqib gapirishdan qoʻrqish “glossofobiya” deyiladigan holat) ning asosiy sabablari:

1)magʻlubiyatdan qoʻrqish (koʻpincha ota-onaning bolaga juda katta umidlar bogʻlayotgani doimiy taʼkidlab kelishi ortidan yuzaga keladi);

2) alohida olingan oʻqituvchidan qoʻrqish (avtoritar, qoʻpol muomala qiluvchi, keskin tanqidni sinfdoshlash orasida bildirishdan hech tortinmaydigan oʻqituvchi qoʻrqinchliroq koʻrinadi);

3) bolaning shaxsiy xususiyatlari (oʻta xavotirli, tortinchoq, jurʼatsiz, magʻlubiyatni uzoq unutolmaydigan boʻlish);

4) mavzuni yoki fanni yaxshi bilmaslik (darsga toʻgʻri usulda tayyorlanmaslik oqibati);

5) nutq kamchiliklari (duduqlanish, chuchuk talaffuz qilishdan tortinish);

6)sinfdoshlarning masxaralashi (ayniqsa, tengdoshlar bahosi va munosabatiga katta eʼtibor qaratiladigan oʻsmirlik yoshida).

Qoida tariqasida oʻqituvchi doska oldida javob berishga qiynaladigan oʻquvchini qoʻllab-quvvatlashi va unga yordam berishi shart, deb hisoblanadi.

Buning uchun pedagoglar quyidagi usullarni qoʻllashi haqida maʼlumotlar keltiriladi:

-bolaga boshida ogʻzaki emas yozma javob berishga ruxsat etadilar;

-darsdan keyin oʻquvchini yakkama-yakka tinglash uchun vaqt ajratadilar;

-oʻquvchi javob berayotganda tayanishi uchun koʻrgazmali materiallar, jadval, reja taqdim etib turadilar;

-doskaga bolada xavotirlik nisbatan past boʻlgan paytda, masalan, kichik sinflarda jismoniy daqiqadan keyin chaqiradilar;

-bolaga birov bilan juftlikda javob berish imkoniyatini yaratadilar.

Yuqoridagi umumiy usullardan tashqari “doska dahshati” ga uchragan oʻquvchilar bilan ishlashda pedagoglar uchun foydali quyidagicha yondashuvlar ham keltiriladi:

a)boladan “Senga yana qanday savollar berishimni xohlarding?” deb soʻrash (oʻqituvchi savollaridan qoʻrquvni susaytirishga yordam beradi);

b)sinfda har bir oʻquvchining oʻz oʻrni, betakror jihati borligi, guruh uchun kerakligini eslatib turish (bolalar bir birining ustidan qoʻpol hazil qilishini cheklashda qoʻl keladi);

v)tutilib qolayotgan bolani shoshirmaslik, gapini boʻlmaslik (sinf oʻqituvchi toqatsizligini nozik his etadi va unga taqlid qilishga oʻtadi);

g) pedagog oʻzi ham qandaydir xatolar qilib turishi, “aybchalari” borligini yengil hazil bilan aytib berishi (xato qilishdan qoʻrqishni susaytiradi);

d)bolani oʻz qoʻrquvlari haqida gapirib berishga undash (odam oʻz hissiyotlarini ogʻzaki bayon orqali tashqariga chiqarar ekan, yengil tortadi).

Eng muhimi, “doska dahshati” sindromiga chalingan bolamiz, ming urinish bilan oʻz qoʻrquvini yengib oʻtgan vaziyatda ustozdan ijobiy emotsiya, ragʻbat olishi kerak.

Pedagogik mehrga toʻla ustoz bolaning hatto glossofobiya ortidan chala va xato javoblaridan pozitiv qidirib topishi – toʻliq javob bera olmagan bolani “boshqalarga koʻproq vaqt qoldirmoqchi-da”, deya qoʻllab-quvvatlashi, aralash-quralash javob berib yuborsa, “buni ham yangicha bir talqin, ijod, deb qabul qilaman” yoki “har qaysi tartib oʻzi tartibsizlikdan boshlanadi” deb kelajdagi ijobiy natijalarga umid bildirishi muammo bilan samarali kurashishga xizmat qiladi.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)