Ernest Xemingueyning — "Chol va dengiz" asaridan olgan ayrim xulosalarimni ulashaman.

Asarning qisqacha mazmuni:

Qari baliqchi Santiago 85 kun baliq tuta olmaydi.

Baliq ovlash uchun uzoqroqqa borishga majbur boʻladi:

Vanihoyat, u ulkan marlin baligʻini tutadi!

Lekin uni qirgʻoqqa olib borish uchun uch kun kurashadi. Oson kechmaydi. Oxiri, baliqni yengib, qayigʻiga bogʻlaydi.

Afsuski, yoʻlda akulalar hujumiga uchraydi.

Akulalar baliqning goʻshtini yeb bitiradi. Santiago qirgʻoqqa kelganda baliqning suyagi qolgandi, xolos..

Baliqchilar koʻzida u — omadsiz, magʻlub. Aslida esa u oʻzini gʻolib hisoblardi:

Garchi u baliqsiz qaytgan boʻlsa ham, kuchli matonat bilan qaytgandi.

Lahzalik yegulikdan ayrildi. Abadiy ruhiyati yuksalishiga erishdi:

Yengdi. Yengildi. Eng muhimi — kurashdi. Oʻzi uchun gʻolib boʻldi!

Ha, doʻstlar, baʼzan insonlar fikridagi magʻlubiyat, ilohiy gʻalaba boʻlishi mumkin.

Oʻylab qarasak, odatda, bizga eng kerakli koʻnikmalar magʻlubiyat koʻrinishida keladi:

1. Paygʻambarimiz (s.a.v) eng ogʻir yillari — mahzunlik, gʻam-qaygʻu yili edi. Aynan shu yilda osmonga koʻtarilib, ulugʻ martabaga erishdilar;

2. Maryam onamiz ilohiy homilador boʻldilar. Sharmandalik azobidan oʻlimni orzu qildilar. Oxir-oqibat, Paygʻambarni dunyoga keltirdilar;

3. Nuh alayhissalomga 950 yil davomida juda oz kishi ergashdi, xolos. Natijada, sabr matonat ramziga aylandilar. Ulugʻ paygʻambarlar qatorida eslaymiz.

Xullas

Baʼzan kutganimizga erisholmaymiz. Ammo kutganimizdanda kattaroq neʼmatlarga erishamiz!

Ibn al-Qayyim aytganlaridek:

Iblis Odamni jannatdan chiqarib xursand boʻldi. Ammo u bilmaydiki, suvga chuqur shoʻngʻigan gʻavvos bir kun suv yuzasiga dur-u marvaridlar bilan qaytib chiqadi..