Teatr rahbari Peter Brook oʻz teatr tomoshagohini dunyoning eng taʼsirchan maskaniga aylantiradi.

Muvaffaqiyatining siri — oddiy.

Barcha teatr maydonlari ikkilamchi buyumlarga eʼtibor qaratganida, men teatrning tub ildizi — mohiyati ustida ishladim, deydi u.

Peter teatrning asl mohiyatini topishda — "olib tashla" usulidan foydalanadi:

Yaʼni teatrdan nimani olib tashlasangiz — teatr teatrligicha qolishini aniqlash.

Aytaylik, teatrdan chiroqlarni olib tashlasak nima boʻladi? — teatr teatrligicha qoladi.

Sahnadan pardani olib tashlasakchi? — teatrligicha qolaveradi.

Maxsus kiyimlarni olsakchi? — kiyimlarsiz ham tomosha qoʻysa boʻladi.

Oʻrindiqlarchi? — teatrni turib ham koʻrsa boʻladi.

Umuman teatr binosini olsakchi? — koʻchada tomosha qoʻyilsa ham boʻladi.

Ammo teatrdan aktyor va tomoshabinni olib tashlolmaymiz — ularsiz teatr teatr emas.

Demak mohiyat — aktyor, tomoshabin va ular oʻrtasidagi munosabat.

Peter umrini aktyorlar mahorati va ularning tomoshabinlar bilan munosabati uchun sarflaydi.

Qaniydi maktablar ham mohiyatga qarasa..

Taʼlimning fundamental maqsadi — oʻquvchilar oʻrganishiga yordam berish.

Ular qaysi darajada ekanligidan qatʼiy nazar — bir qadam oldinga siljishlariga sharoit yaratish.

Yaʼni oʻqituvchi malakasi va ularning oʻquvchi bilan munosabati taʼlimning mohiyati hisoblanadi.

Bizni taʼlimimiz ikkilamchi narsalar bilan oʻzini-oʻzi aldab, maqtanib yuraveradi:

Bino taʼmiri, yangi kompyuterlar, chiroyli forma, shinam oshxona va hokazo.

Nega shunday?

Chunki aksar ota-onalarga ham maktab oʻqituvchilari, ularning saviyasi umuman qiziq emas. Sharoit zoʻr boʻlsa boʻldi..

Xulosa

Chiroyiga emas — yuragiga qarang.

Post: Ken Robinson "Creative Schools" kitobidan ilhomlanilgan holda yozildi.