Viktor Shatalov tajribasidan
Odam tabiatan qiziqqan, qoʻlidan keladigan ishni bajarishga koʻproq intilgan. Agar biror ish muvaffaqiyatli chiqsa, inson shunga yanada koʻproq vaqt ajratadi.
Aksincha, yaxshi chiqmayotgan ishni davom ettirish qiyin kechadi. Masalan, uy vazifalari haqida oʻylab koʻraylik. Koʻp oʻquvchilar uy ishini oʻzlari emas, doʻstlaridan koʻchirib kelishni afzal koʻrishadi.
Batafsil tahlil qilinsa, buning ortida qobiliyat yetishmasligi emas, balki bilim, tajriba va eng muhimi — oʻziga ishonchning kamligi turadi.
Ana shu ishonchni oshirishda taniqli matematik ustoz Viktor Fyodorovich Shatalovning usuli katta foyda beradi.
Odatda, ustozlar uyga 10 ta masala, 5 ta gap tahlili, yoki 3 ta gap tuzish kabi topshiriqlar berishadi. Intiluvchan, ota-onasi yordam beradigan oʻquvchi bu vazifalarni yaxshi bajaradi.
Biroq imkoniyati kamroq boʻlgan oʻquvchi nima qiladi? Odatda, bir amallab "yoʻlini qiladi", yaʼni koʻchiradi yoki shoshma-shoshar bitta-ikkita misol yechadi.
Aslida uy vazifasi shunchaki, sinfdagi bilimlarni mustahkamlash usuli emas, balki mustaqil ishlashga, oʻqishga oʻrgatishi bilan qadrli.
Viktor Shatalov bunday paytda boshqacha yondashuvni qoʻllagan:
U oʻquvchilarga 5 yoki 10 ta emas, bir yoʻla 100 ta misol berardi. Lekin:
• Oʻquvchi shulardan istaganini tanlaydi,
• Istagancha yechadi,
• Ammo hech boʻlmaganda bitta misolni yechib kelish shart boʻlardi.
Hatto oʻziga ishonchi kam oʻquvchi ham bitta oson misolni topib, yechishga harakat qiladi. Vaqt oʻtishi bilan u yanada koʻproq misol yechishni boshlaydi.
Bu qanday natija beradi?
Asosiy omil — oʻziga ishonch paydo boʻlishi.
Koʻp oʻquvchilar muvaffaqiyatsizlikdan, xato qilishdan, boshqalarga kulgi boʻlishdan qoʻrqadi. Shu sababli "tushunmadim" degan bahona bilan umuman harakat ham qilmaydi.
Biroq agar u bitta misolni yecha olsa ham, shu orqali "men ham bir nima qila olaman" degan ishonch paydo boʻladi.
Psixologiyada bu holatga "muvaffaqiyat vaziyati" deyiladi. Yaʼni, oʻquvchi oʻzini muvaffaqiyatli his qilishi uchun kichik gʻalaba kerak.
Shatalov nafaqat bilim beruvchi ustoz, balki ruhiy qoʻllab-quvvatlovchi murabbiy ham boʻlgan. U shunday oʻquvchilarni nozik yoʻl bilan vazifani bajarishga undagan.
Ehtimol, bu yagona usul emas. Boshqa samarali yoʻllar ham bor. Ularni izlash, oʻrganish va amaliyotda qoʻllash esa har bir ustoz uchun foydali boʻlishi turgan gap.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)