“Menga tayanch nuqtasini topib bering, Yerni oʻz oʻqidan chiqarib yuboraman” – Arximed
Faylasuf, investor — Naval Ravikant muvaffaqiyat uchun «leverage» dan foydalanishni tavsiya beradi.
"Leverage" — tutqich, koʻpaytiruvchi kuch. Rus tilida "richag" deyiladi:
Yaʼni kam energiya bilan koʻplab natijaga yetkazadigan — tutqichlar.
Insoniyat qadim zamondan turli tutqichlardan foydalanib kelgan:
1. Dastlab hayvonlar qoʻlga oʻrgatildi. Insonlar mehnatdan energiya tejadi;
2. Keyin — gʻildirak. Aravalar yasaldi. Yuk koʻtarish/yetkazish osonlashdi;
3. Shamollar oʻrganildi. Gʻildirak + shamol = tegirmon kuchi. Yana quvvat tejaldi;
4. Kitob bosish dastgohi kashf qilindi. Kam energiya bilan, katta ommaga maʼlumot yetkazish imkoniyati;
5. Temirdan keng foydalanish = texnika, transport, zavodlar qurilishiga olib keldi. Bir kishi minglab mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻldi.
Ana endi, Naval Ravikant keltirgan tutqich — leverageʼlarni koʻrib chiqamiz:
1. Mehnat leverageʼi — Boshqalarning quvvatidan foydalanish:
Oʻzgalarning mehnatidan foydalanish eng qadimiy leverage koʻrinishidan biri. Keng koʻlamli tutqich boʻlsada — nisbatan qiyin. Sizdan odamlarni boshqarishni talab qiladi.
Mehnat leverageʼdan foydalanganlar: firʼavnlar, rim imperatorlari, feodallar.
2. Moliyaviy leverage — Pul siz uchun ishlaydi:
Oxirgi ikki asrda mashhur boʻlgan tutqich. Kapital yigʻish, investitsiya kiritish bilan – kam mehnat va koʻp natijaga erishsa boʻladi. Biznes egalari odatda ushbu tutqichdan foydalanadilar.
Misollar: Varren Buffett, Jeff Bezos.
3.1 Kod va texnologiya tutqichi – Bir marta yozib, cheksiz foydalanish:
Bu shunday tutqichki sizdan koʻp resurs talab qilmaydi. Sizga katta kapital va odamlar mehnati ham kerak emas. Kompyuteringiz boʻlsa kifoya. Oʻzingiz yaratgan «IT» dasturlar, kodlar orqali milliardlab daromad qilishingiz mumkin.
Zamonamizdan Stiv Jobs va Ilon Maskni misol qilamiz;
3.2 Media leverage — Kitob, blog, podkast, media orqali cheksiz auditoriyaga yetib borish:
Bir ustoz umri davomida oʻrtacha 3000 ta oʻquvchi oʻqitadi. Media tutqichi bilan esa bir kunda shuncha oʻquvchiga yetib borishingiz mumkin. Haqiqiy neʼmat. Ushbu postni ham siz media leverage (Allohning fazli) bilan oʻqiyapsiz.
Kimni misol qilsak boʻladi: Joe Rogan, MrBeast va hkz.
Oʻylab qarasak, yer yuzida hech kim Sulaymon alayhissalomchalik leverageʼlar bilan neʼmatlanmagan:
Hayvonlar, insonlar, jinlarning mehnati, mulk, jinlar orqali texnologiya, qushlar tili — media, kitob, hikmat, temir, shamol, misdan foydalanish – qisqasi – katta neʼmat..
Xullas, Naval aytganidek tutqichlardan foydalaning:
Uxlayotganingizda ham sizga xizmat qiladi. Balki oʻlganingizdan keyin ham..