1. Yaxshilab qarasang, toshlar ichida ham gullar boʻladi.
2. Tepaga chiqish — mashaqqat. Pastga tushish — rohat, deb oʻylaysan. Aslida pastga tushish ham qiyin.
3. Odam koʻp boʻlishining ham yaxshi tarafi bor — adashish kamroq boʻladi.
4. Toʻgʻri yoʻlda yurmoqchimisan — sendan avvalgilar yurgan yoʻlga boq.
5. Eng katta mashaqqatli choʻqqiga manzilga oz qolganda duch kelasan. Koʻpchilik bu sinovdan oʻtolmay, qaytib ketadi.
6. Mashaqqatli safarda insonning kimligi: turmush tarzi, oʻziga ishonchi, nafsini boshqarishi — hammasi ochiladi.
7. Tepaga chiqishda seni qiynagan toshlar, tushayotganingda foyda beradi.
8. Sening yukingning ogʻirligini faqat oʻzing bilasan. Boshqalarga qiziq emas.
9. Tekis yoʻlda yurish, tekis joyda uxlash ham neʼmatligini tushunib yetasan.
10. Chiqishda emas, tushayotganda yiqilish koʻproq boʻladi.
11. Hamma sharsharani koʻrish uchun boradi, ammo chiqish jarayoni koʻproq esda qoladi.
12. Tez yugurib ketganlar emas, davomiy yurganlar manzilga avval yetib boradi.
13. Chiqishda issiq boʻlsa, qaytishda salqin boʻladi.
14. Yiqilsangiz, hech kim kulmaydi. Sababi — hamma yiqilish xavfida boʻladi.
15. Eng toza havo, zilol suv tepalikda boʻladi.
16. Birinchi boʻlib yursang, koʻp xató qilasan. Yaxshi tarafi, qolganlarni adashishdan sen asrab qolasan.
17. Togʻning tepasiga chiqib, endi faxrlanaman desang, oddiy choʻponlar u yerda mol boqib yurgan boʻladi.
18. Goʻzallik shundoq yoningda yashiringan. Koʻrish oson emas: issiqda, togʻu toshlardan yurishing kerak.
Xullas, safar qilib tur:
Hayotingga maʼno kiradi. Oʻzingga ishonch oshadi. Xotiralaring koʻpayadi. Yangi fikrlar keladi..