Oʻzbek xalq hikmati – “Bir ezmadan eshit, bir kezmadan”.
Maʼnosi – ezma odam ezilib, choʻzilib gap orasida biror maʼnoli gapni aytib qoʻyadi, kezma, yaʼni koʻp joyni kezgan tajribali odamdan ham biror nafli gap chiqadi.
Tajribali rossiyalik ustoz Vadim Slutskiy “Elementar pedagogika” sida yosh muallimlarga bagʻishlangan eʼtiborli tavsiyalar bor. Boʻlishgimiz keldi:
1. Optimist (oʻzbekchasiga “nekbin”) boʻling. Pedagogika boshdan oyoq kelajakka umid va yaxshi gumonda boʻlishga asoslangan soha.
2. Bolalar uchun parodoksal – odatiy mantiqqa sigʻmaydigan harakatlar tabiiyligini unutmang. Aslida kattalar ham juda unaqangi doim sogʻlom aql bilan ish tutmaydi-ku.
3. Yechim izlashda toʻgʻri-xatoni ajratishning oson yoʻlini eslab qoling – kundalik odatiy, takroriy harakatlarga teskari yechimlar samaraliroq boʻladi. “Xayron qoldirding – gʻalaba qozonding”, deb bekorga aytilmaydi.
4. Sarosimaga berilmang, hech narsadan qoʻrqmang. Tajribali ustozlar juda unaqa sizdan oshiqcha bilmaydi, hali sizning esingizda turgan koʻp narsani ular unutib yuborishgan boʻlsa ajabmas.
5. Bolalar bilan qanday muloqot qilsangiz, ota-onasi bilan ham shunday gaplashavering, ularga vaʼzxonlik qilib, ulardan maslahat olib yurmang. Zotan, ota-ona – bu aslida charchabroq qolgan bolalardir.
6. Maʼmuriyat bilan munosabatda optimal taktika – bariga qoʻshiling, maslahat, buyruqqa quloq tuting, ammo oʻzingiz lozim bilgan yoʻlni tuting. Direktorlik – lavozim, berib olinadi, oʻqituvchilik – bu kasb, olinmaydi.
7. Pedagogikada birinchi qadam – ilk tanishuv, birinchi dars, dastlabki murojaat oʻta muhimligini unutmang. Sizda hech qachon yaxshi ilk taassurot qoldirish uchun ikkinchi imkoniyat boʻlmaydi.
8. Kontrast qoidasini qoʻllang – avval erk berib, keyin qisuvga olsangiz, bolalar yomon koʻrib qoladi, avval talabni qattiq qoʻyib, keyin yumshatsangiz, sizga minnatdorlik uygʻonadi.
9. Xatolardan hijolat boʻlavermang, bolalar kattalardan kechirimliroq boʻladi.
10. “Shubhalansam – shoshmayman” formulasini mahkam tuting, jonbozlik va sergʻayrat harakatlardan ham kattaroq ishingiz – fikrlash.
Bosh qoida – bola bilan boladay boʻlishni biling, oʻynash, kulish, vaqti kelsa, sakrash, yugurish. Oʻqituvchilik bolalikning davomi, deb tushuning.
P.S.Albatta, bu bir ustozning shaxsiy qarash-kuzatuvlaridan kelib chiqqan yondashuvlar. Hammasini olish, hammasiga quloq solish kerak, degan qoida yoʻq. Axir muallifning oʻzi ham aytdi-ku – quloq tuting, ammo oʻzingiz bilganday yoʻl tuting..
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)