Gilos daraxti mayda va serob meva beradi.

Kokosniki esa kam, lekin katta.

Zaytun kech meva beradi, ammo ikkisidan ham uzoq yashaydi.

Baʼzi daraxtlarning mevasi yoʻq, boshqa vazifasi bor:

Archa havo tozalaydi, tuproq eroziyasiga qarshi kurashadi.

Chinorning barglari keng — soya beradi, ekologiyani yaxshilaydi.

Eman daraxti esa juda qattiq va zich — yogʻochsozlikda asqatadi.

Sidr — xushboʻy hid taratadi.

Badboʻy, hidi yoqimsiz daraxtlar bor — bu orqali oʻzini zararkunandalardan himoya qiladi.

Sovuqqa chidamli, suvsiz yashay oladigan daraxtlar ham bor.

Misollar har xil, xulosa bir:

Har bir daraxt oʻzgacha: manzili, oʻlchami, mevasi, vazifasi — betakror.

Har birining tabiat ekotizimida oʻz missiyasi bor.

Biri-ikkinchisining oʻrnini bosa olmaydi.

Xuddi daraxtlar kabi, insonlar ham turlicha:

Kimdir jamiyatga kichik, ammo serob;

Kimdir esa kam, ammo katta.

Kimdir kech «hosil» beradi;

Kimdir oʻz odobi bilan hid taratadi;

Kimdir atrofga toza havo ulashadi;

Kimdir soya boʻlib, boshqalarni himoya qiladi;

Kimdir «zararkunandalardan» asraydi.

Xullas, har birimizning qobiliyatimiz, kuchimiz va yoʻlimiz betakror.

Shunday ekan — oʻzingni solishtirma!

Ayrim doʻstlaring sendan oldinda, kimlardir orqada.

Ular oʻz «ekologiyasi»da, sen esa oʻzingnikida.

Sen ulardek boʻlolmaysan, ular ham sendek. Hammasi tabiiy!

Oʻzligingni angla, qobiliyatlaringni aniqla, oʻz missiyangni yarat. Alloh seni nima uchun yaratganini kashf qil.

Zero:

Sen ham oʻziga xos — dunyoni boyitadigan oʻzgacha daraxtsan!