Men va ikkita qizim oilaviy shamollaganmiz. Bugun Chirchiqdagi poliklinikaga chiqdik.

08:20 da bordik. “Doktor bormilar?” desak, “Ha, shu yerdalar. Soat 08:30 dan koʻrikni boshlaydilar”, deyishdi.

Oz qolibdiku deb 3-boʻlib navbat oldik va kutdik.

Kutdik, kutdik — kelmadi.

Soat 09:00 dan oshdi. “Bu bepul shifoxona betayin boʻladi oʻzi”, deb xususiyga borishga qaror qildik. Qoʻngʻiroq qildik.

Qizlar: “Ha, doktor kelganlar, kiyinyaptilar”, deyishdi.

Navbatimizni qoldirib, xususiyga yoʻl oldik.

Hammamiz betobmiz, holimiz yoʻq, nonushta qilmaganmiz.

09:30 larda yetib borsak, xususiyda ham doktor yoʻq. Qizlar: “Shu yerdalar, hozir chiqadilar”, deyishdi yana.

Keyin bilsak, haligi davlat shifoxonasiga kelmagan doktor ayol ekan bu yerda ham.

Hayronmiz, bu opa oʻzi qayerda ishlaydi? Xoʻp, xususiyda ishlaydi ham deylik, oʻzi qani? Haligi davlat shifoxonasidagi navbatda kutib oʻtirganlarning ahvoli nima boʻladi?

Asabim buzilib ketdi. “Menga katta doktorni chaqiringlar, ustilaridan yozaman”, dedim. Hamshiralar sergak tortib qoldi birdaniga. Katta doktorni topolmadik.

Keyin oʻsha opaga telefon qilib berishdi. Opaxon uylaridalar ekan. “Uyimda ishim chiqib qolgandi. Xususiyga toʻlov qilib, davlat poliklinikasiga qaytib keling, shu yerda sizni navbatsiz koʻrib beraman”, deb qoldi.

Iya, hali shunaqasi ham boʻlarkanmi, deb boshqa koʻrikdan oʻtib turgan edik, 10 daqiqa ichida uyidan xususiyga yetib kelibdilar opa.

Oʻylab qoldim. Shu darajada masʼuliyatsizmi? Demak, bu birinchi va oxirgi marta emas.

Katta boshqaruvchi doktorni chaqirdim. Xonaga olib kirdi. Eʼtiroz bilan ishlashni umuman bilmaydi. Dardimni doston qilib aytsam, “Hamma joyda boʻlib turadigan muammo”, deydi menga xotirjamlik bilan.

Mindey, eʼtiroz bilan ishlayotgan odamda siniqlik yoʻq: “Boʻlib turadi, ustida ishlaymiz”, deydi.

Ichimda: “Hammalaring bir goʻr ekansanlar”, deb chiqib ketdim.

Oʻzim uchun xulosa:

1. Biz, oʻzbeklar, oʻtayam kechiruvchimiz. Haddan ortiq. Oʻta masʼuliyatsiz xodimga nisbatan chora koʻrish kerak. Boʻlmasa, bir insonni xafa qilmaylik deb, koʻplab insonlarni xafa qilamiz.

2. Dilimga tugib qoʻydim: agar qizlarim “doktor boʻlaman” desa va qiziqishi boʻlsa, 3 karra qoʻllab-quvvatlayman. Bizga farosatli doktorlar suv va havoday zarur ekan.

3. Eʼtiroz bilan ishlashni oʻrganish kerak. Agar mening kattakon joydan tanishim yoki Instagramda katta auditoriyam boʻlsa, aniq olib chiqar edim. “Bitta fuqaroning ohi imperatorni agʻdaradi”, deyisharmidi?

Fikringiz qanday?