Kamina Islom universiteti (deyilardi oʻshanda) qoshidagi akademik litseyda 10 yil ishlab biron marta kuratorlik masʼuliyatini boʻynimga olgim kelmagan, 32-aniq fanlar guruhi 2-kursligida "bizga kurator boʻling" deb qayta-qayta iltimos qilganidan keyin oʻylab-oʻylab, ikkilana-ikkilana axiyri rozi boʻlgandim.
Xuddi buvi "Suyunchi" filmida "Abdullani kim uylantiradi?" desa, nevaralari "oʻzimiz uylantiramiz" deganday joʻr boʻlib, oʻquvchilar ham "jurnalni oʻzimiz yozamiz", "navbatchilikni oʻzimiz qilamiz" qabilida vaʼdalar berib meni koʻndirishgan edi.
Aytish kerakki, oʻquvchilanring aksariyati oʻqishga qiziqmas edi, ayniqsa, BBS degan uchlik - har yerda ishkal-u muammo boʻlsa, yo tashabbuskori, yo ishtirokchisi boʻlib chiqadigan yigitlar, rahbariyat bilan ziddiyatlarga borishimga sababchi boʻlar, "bolalariz (!) falon narsa qilibdi" degan shikoyatalrdan bezillab turardim.
Tez orada guruh bilan yaxshi chiqishib ketdik. Birgalashib dachaga borganda, oʻquvchilarning mutlaqo boshqa qirralarini kashf qildim: darsda noʻnoq koʻringan oʻquvchilar maishiy masalalrda juda chaqqon, epchil, uddaburon edilar.
Zoʻrgʻa "3"ga oʻqiydigan oʻquvchim ustozlar bilan muomalani qoyillatar, keksa, talabchan va injiq matematika ustozini: "Aziz ustozim, man sizni onam deganman-a, bittagina uch qoʻyib bering himmat qilib" qabilida hazilar qilib koʻnglini yumshatishga erishar, nimaiki yumush boʻlsa, qoʻlini koʻksiga qoʻyib "Xoʻp boʻladi, ustozim" deb turardi.
Yozda sinfxonani taʼmirlash kerak boʻlganida esa yigitlarning oʻzi birgalashib ishlashgan, oʻquv yiliga xonani tayyor qilib qoʻyishgan edi.
Bir marta.. darsimni tahlil qilgani bir guruh ustozlar dabduristdan kirib qolishdi. Orqa partalarga qator boʻlib oʻtirib olishdi. Xavotirim shunda ediki, sinfda nari borsa 4-5tasi uy ishi qilardi va darsga tayyor boʻlardi. Uyalib qolamanmi degan hadik bilan dars boshladim, ammo bolalar kutilmaganda shunaqa faollik koʻrsatdiki, tushunsa-tushunmasa, "Msn unaqa oʻylamayman", "Fikringga qoʻshilaman" deb qoʻyadimiye)) Hammadan ham "Men aytaman, men javob beray" deb qoʻlini koʻtarib shovqin soladi-yu koʻzi bilan "mendan soʻray koʻrmang" deb imlaydi. Kulgidan oʻzimni arang tiyib ishonganlarimdangina soʻrayman, lekin qolganlar ham savol-javob oprasiga gap qoʻshib, hazillar qilib turishadi.
Darsdan keyin hamma kuzatuvchilar "32ni yaxshi oʻqimaydi deyishardi, qoʻli tushmadi-yu birontasining" deb hayratlarini izhor qilishganida, maʼqullab qoʻyaverdim.
Chindan ham, qoyillatib oʻqimasayam, shoʻx va begʻuborligi bor edi ularning; kurator boʻlib boshqa ustozlarga hecham bolalarni yomonlamadim, kimdir keskin fikr bildirsa, himoya qildim, har biridan fazilat topishga harakat qildim. Oxir-oqibat, bitiruv marosimi oʻtkazdik, ahil oila bilan litseyni tamomlashdi..
Bugun, ular litseyni tamomlaganiga oʻn yil boʻlganda, qizlar bilan diydorlashish nasib qildi.
Men ularni oʻqitgan paytim, taxminan ularning hozirgi yoshida edim, kuchim va gʻayratim ichimga sigʻmasdi.. Ular nafaqat chiroyli guldasta va esdalik sovgʻasini tuhfa qilishdi, balki mening ishtiyoqi baland davrlarim bilan bogʻliq xotiralarimni qayta yangilashdi.
Shundan keyin 62-guruhga, PMda esa ikkita "Blue" sinfiga kuratorlik qildim. Har biri qadrdon, "oʻzimniki" boʻlib qoldi. Kuratorlik katta masʼuliyat, tashvish, shu bilan birga oilangdan tashqarida ham oila aʼzoalring boʻlishi mumkinligini his qilish imkoniyati hamdir..
Alloh men dars bergan barcha oʻquvchilarimni panohida asrasin, har biri hayotda oʻz oʻrnini topsin!
@suvaydo